Loyihadan oldingi ishlarimiz orqali mijozga qurilish loyihasini amalga oshirish yoki oshirmaslik borasida qaror qabul qilishda yordam beramiz. Mijozlarimiz ushbu dastlabki loyiha bosqichida ish ularning byudjetidan kattaroq ekanini yoki ixtiyoridagi maydon yoxud yer uchastkasi loyihaga mos emasligini koʻrib, loyihadan voz kechishi yoki uni davom ettirishi mumkin.
Loyihadan oldingi bosqich mijoz va ehtimoliy pudratchilarga ish davomida amal qilinadigan aniq eskizni taqdim etishi hamda loyiha egasini loyihani funksional holga keltirish va uning xarajatlarini oldindan koʻra bilish uchun nima qilish kerakligi haqida xabardor qilishi lozim. Bu jarayon mijozga har qanday ishni boshlashdan oldin loyihani yaxshiroq tushunishga yordam beradi. Loyihadan oldingi xizmatlarimizda ishning turi, joylashuvi va qamroviga qarab ish olib boramiz. Loyihalashga kirishishdan oldin loyiha haqida tasavvur hosil qilamiz, zarur jamoalarni aniqlaymiz, strategiya va muddatlarni belgilaymiz. Buyurtmachining kutganlarini loyiha talablari bilan muvofiqlashtiramiz.
Loyihadan oldingi faoliyatimizni holatni aniqlash ishlari, texnik va iqtisodiy asoslash, yer uchastkasini tanlash, geotexnik tadqiqotlar va hisobot tayyorlash, topografik baholash va hisobot tayyorlash, elektr, suv va kanalizatsiya taʼminoti yetarliligi, qurish imkoniyatini baholash, loyihaning taxminiy byudjeti, muddati va qamrovini belgilash yoʻnalishlarida olib boramiz. Mijozimizga ushbu dastlabki qadamlarni tashlash orqali turli tashqi va ichki omillarni toʻliqroq anglagan holda loyihaga kirishishida yordam beramiz, uzoq muddatli muvaffaqiyatga sezilarli taʼsir koʻrsatadigan va koʻchmas mulkning oʻziga xos ehtiyojlariga mos keladigan jihatlarni alohida taʼkidlaymiz.
Loyihadan oldingi ishlar qurilish loyihalarida tejamkorlikni ham taʼminlaydi. Yaxshi tashkil etilgan dastlabki loyiha bosqichi qiymat muhandisligini qoʻllash imkonini beradi va juda qimmatga tushishi mumkin boʻlgan muammolarning oldini olishga yordam beradi. Ehtimoliy muammolarni oldindan koʻra bilish va ularning har biriga yechim topish uchun mutaxassislarimiz bilan birgalikda ishlaymiz hamda moslashuvchan, ijodiy yechimlarni ishlab chiqamiz. Mijozimizni loyihaning barcha huquqiy masalalari, ruxsatnomalar, standartlar va meʼyorlar haqida xabardor qilamiz, loyihaning hayot sikli tahlilini oʻtkazamiz. Bu jarayon, shuningdek, loyihaning amalga oshirilishi mumkinligiga ishonch hosil qilishga yordam beradi va yoʻl davomida muammolarga duch kelish ehtimolini kamaytiradi.